“KazAvtoJol” AJ matbuot-xizmatining xabar berishicha, Xitoyning Synohydro Corporation Limited kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv chog‘ida “Chimkent – Toshkent” avtoyo‘lini yoritish uchun shamol va quyosh stansiyalaridan foydalanish taklifi muhokama qilindi. Mazkur tajriba yo‘llar qurilishida sinov tariqasida “yashil” texnologiyalarni joriy qilish imkonini beradi, deb xabar bermoqda “Telegraf.uz”.
“Chimkent – Toshkent” avtoyo‘li umumiy uzunligi 99 kilometrga teng 3 ta uchastkaga bo‘lingan. Rekonstruksiyadan so‘ng yo‘l 4 ta qatnov yo‘li va sement-betonli qoplama bilan I darajali texnik toifaga o‘tkaziladi. Bundan tashqari, uchastkada 2 ta transport bo‘g‘imi va 2 ta yo‘l o‘tkazgichning qurilishi ko‘zda tutilmoqda. Loyihaning yakuni 2016-yilga belgilangan.
Ma’lumot uchun, ushbu uchastkalar “G‘arbiy Yevropa – G‘arbiy Xitoy” xalqaro tranzit yo‘lagining bir qismi hisoblanadi.
|